Qashqadaryo viloyatida yuqori texnologik tibbiy xizmatlarni yanada rivojlantirish va transplantologiya yoʻnalishini takomillashtirish maqsadida viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi N.Qurbonov xalqaro miqyosdagi taniqli urolog-xirurg, transplantolog, tibbiyot fanlari doktori, IRTMAC (Xalqaro ilmiy-amaliy oʻquv tibbiyot markazi) bosh direktori professor Rashad Sholan bilan uchrashuv oʻtkazdi.
❗️Taʼkidlash joizki, bugungi kunda Qashqadaryo viloyatida buyrak transplantatsiyasi amaliyotlari muvaffaqiyatli yoʻlga qoʻyilgan bo‘lib, mazkur uchrashuv ushbu yoʻnalishni yanada rivojlantirish, xalqaro tajribalarni joriy etish va transplantologiya xizmatlari sifatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratildi.
Uchrashuvda Qarshi davlat universiteti qoshida tashkil etilayotgan xalqaro KIMEDS oʻquv-klinik majmuasi bazasida bir qator istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, transplantologiyani rivojlantirish, kadrlar salohiyatini mustahkamlash, “Limitless Surgery” loyihasi, tibbiy taʼlim va ilm-fanni rivojlantirish kabi muhim yo’nalishlar muhokama qilindi.
Boshqarma boshligʻi N.Qurbonov taʼkidlaganidek, aholi uchun eng zamonaviy va sifatli tibbiy xizmatlarni yaratish ustuvor vazifa hisoblanadi. Xalqaro hamkorlik esa Qashqadaryo tibbiyotining salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Ma’lumot o’rnida: Professor Rashad Sholan ham Ozarbayjonning yetakchi urolog-transplantologi hamda mamlakat Sogʻliqni saqlash vazirligining organ transplantatsiyasi boʻyicha bosh mutaxassisi hisoblanadi.


Qashqadaryo VSSB Matbuot xizmati