Qashqadaryo viloyati onkologiya xizmatida yana bir muhim yutuq qayd etildi. Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo filialida Rossiya Federatsiyasining yuqori malakali mutaxassisi ishtirokida endoskopik gastrostoma amaliyoti bo‘yicha master-klass tashkil etildi.
Master-klass davomida bir kunning o‘zida 4 nafar bemorda mazkur yuqori texnologiyali operatsiya muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Mutaxassislar amaliyotning barcha bosqichlarini amaliy jihatdan o‘zlashtirib, endilikda ushbu jarrohlik usulini mustaqil ravishda bajarish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Endoskopik gastrostoma og‘iz bo‘shlig‘i va qizilo‘ngach saratonining og‘ir bosqichlarida, bemor ovqat va suyuqlikni tabiiy yo‘l bilan qabul qila olmay qolgan holatlarda qo‘llaniladi. Amaliyot davomida endoskop yordamida oshqozonga maxsus naycha o‘rnatilib, bemorning to‘liq va xavfsiz oziqlanishi ta’minlanadi.
Eng ahamiyatli jihati, operatsiya qilingan bemorlar birinchi kunning o‘zida mustaqil yurishni boshladilar va ikkinchi kuni uyiga javob berildi. Amaliyotdan keyin og‘riq sindromi kuzatilmadi hamda narkotik analgetik vositalarga ehtiyoj tug‘ilmadi.
Kam invaziv va yuqori texnologiyali hisoblangan mazkur usul bemorlarning hayot sifatini yaxshilash, oziqlanish yetishmovchiligining oldini olish, keyingi maxsus davolash jarayonlarini samarali davom ettirish hamda umr davomiyligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
🟣Zamonaviy tibbiy texnologiyalarni amaliyotga joriy etish va xalqaro tajribani o‘zlashtirish orqali Qashqadaryo viloyati aholisi uchun yuqori malakali onkologik yordam imkoniyatlari yanada kengaymoqda.
Qashqadaryo VSSB matbuot xizmati