O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ–196-son qarori ijrosi doirasida Qashqadaryo viloyatida keng qamrovli xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.
🔵Xususan, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda “Vaqf” hayriya jamoat fondi hamkorligida bemor bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, jarrohlik amaliyotlari va davolash xarajatlarini qoplash bo‘yicha tizimli ishlar tashkil etildi.
🛑Shu kunga qadar 450 nafardan ortiq bolalar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning 164 nafari jarrohlik amaliyotiga muhtoj ekani aniqlandi va amaliyot uchun saralab olindi.
Saralangan bemorlardan 12 nafariga belgilangan tartibda maxsus vaucherlar topshirildi hamda ular Qashqadaryo viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga joylashtirildi. Bugunning o‘zidayoq 1 nafar bemor bolada muvaffaqiyatli jarrohlik amaliyoti amalga oshirildi.
Vaucherlarni topshirish jarayonida Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i N. Qurbonov hamda viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov ishtirok etib, bemor bolalar va ularning ota-onalari bilan samimiy muloqot qildi. Ular davlatimiz tomonidan yaratilayotgan bunday imkoniyatlar inson qadrini ulug‘lash, aholi salomatligini muhofaza qilish va bolajonlarni sog‘lom hayotga qaytarish yo‘lidagi ezgu ishlar ekanini alohida ta’kidladilar.
Mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik g‘oyalari ustuvor bo‘lgan ushbu xayrli tadbirlar Qurbon hayiti arafasida yurtdoshlarimiz qalbiga yanada ko‘tarinki kayfiyat va umid bag‘ishlamoqda.






Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati