Ayollar salomatligi va reproduktiv salomatlik

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 5 oktyabrdagi PF-6079-sonli farmoniga asosan aholining reproduktiv salomatligini muhofaza qilish va sog’lom oilani shakllantirish yuzasidan bir qator davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda targ’ibot, tashviqot ishlari olib borilmoqda.

Aholi orasida, ayniqsa xotin-qizlar va nikohdan o’tuvchi yoshlar orasida sog’lom oila qurish, sog’lom bolalar tug’ilishi va tarbiyalash masalalari yuzasidan tizimli asosda tushuntirish ishlarini tashkil qilish maqsadida, joylardagi mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda oylik ish rejalariga asasan ish tashkil etildi va ijrosini nazorat qilish bo’yicha amaliy tizim yaratildi.

Xususan, bu yo’nalishda tizimli ish tashkil etish maqsadida Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida, tuman, shaharlarda va barcha mahallalarda maxsus jamoatchilik kengashi va ishchi guruhlari tuzildi.

O’zbekiston Respublikasining 2019 yil 2 sentyabr kuni qabul qilingan «xotin-qizlar va erkaklar teng huquq va imkoniyatlari kafolatlari to’g’risida»gi qonuni (O’RQ — 562-son) ning 27-moddasida belgilanganidek, Sog’liqni saqlash sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari.

 Davlat quyidagilarni kafolatlaydi:

    xotin-qizlar va erkaklarning sog’liqni saqlash sohasidagi o’z huquqlarini amalga oshirishga, shu jumladan, malakali tibbiy xizmat ko’rsatilishiga, qulay tibbiy xizmatlardan foydalanishga, oilani rejalashtirishga va reproduktiv salomatlikni himoya qilishga bo’lgan teng imkoniyatlarini;
    zarur bo’lgan hollarda, xotin-qizlarning turli ehtiyojarini hisobga olib, ayniqsa, homiladorlik, tug’ish davrida va tug’ishdan keyingi davrda xotin-qizlarga bepul xizmatlar ko’rsatgan, shuningdek homiladorlik va emizish davrida tegishli oziq-ovqat bilan ta’minlagan holda, sog’liqni saqlash sohasidagi strategiya va dasturlarning amalga oshirilishini;
    tibbiy ta’lim sohasida reproduktiv salomatlikni mustahkamlashga, jins bo’yicha bevosita va bilvosita kamsitishlarning oldini olishga qaratilgan tashabbuslarni qabul qilishni;
    sog’liqni saqlash sohasida xotin-qizlar va erkaklar o’rtasidagi tafovutlarni hisobga oluvchi ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga kumaklashishni.

Shuningdek, O’zbekiston Respublikasining 2019 yil 11 martdagi «fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to’g’risida» gi Qonunining 3-moddasida «fuqarolarning reproduktiv salomatligi» yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berilgan.

Fuqarolarning reproduktiv salomatligi insonning jismoniy, aqliy va ijtimoiy jihatdan sog’lomligi holati bo’lib, bu holat uning bola tug’ilishiga qodirligini belgilaydigan reproduktiv tizimi, ushbu tizimning funktsiyalari, hayotiy jarayonlari bilan bog’liq bo’ladi.

Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash:

    fuqarolarning reproduktiv salomatligi to’g’risida ishonchli va to’liq axborot olishni;
    homiladorlikni saqlab yurishni va bolaning asoratlarsiz hamda nuqsonlarsiz tug’ilishini ta’minlaydigan, homiladorlik, tug’ish va tug’ishdan keyingi davrdagi tadbirlar, muolajalar hamda xizmatlarni;
    reproduktiv tizim kasalliklarining oldini olishni va ularni davolashni;
    jinsiy yo’l bilan o’tadigan kasalliklarning oldini olishni va ularni davolashni;
    ehtimoldagi asoratlarning va reproduktiv tizim funktsiyalari buzilishi oqibatlarining oldini olishga ko’maklashgan holda homiladorlikni xavfsiz ravishda sun’iy to’xtatishni;
    kontratsepsiya usullari va ulardan foydalanish to’g’risida axborot olishni nazarda tutadi.

 Shu qonunning 10-moddasida «fuqarolarning reproduktiv huquqlari» yoritilgan.

 Fuqarolar quyidagi huquqlarga ega:

    xavfsiz va samarali reproduktiv texnologiyalardan foydalangan holda o’z farzandlarining tug’ilishi xususida mustaqil ravishda qarorlar qabul qilish;
    o’zining reproduktiv salomatligi to’g’risida ishonchli va to’liq axborot olish;
    tug’ilishni tartibga solishning xavfsiz usullaridan va kontratsepsiyadan foydalanish;
    tibbiy-profilaktika xizmatlaridan foydalanish va sog’liqqa xavf soluvchi vositalardan, shu jumladan ilmiy tajribalar qo’llanilishidan himoyalanish;
    o’z reproduktiv huquqlarini amalga oshirish chog’ida tibbiy-ijtimoiy, shuningdek psixologik yordam va axborot olish;
    yordamchi reproduktiv texnologiyalardan foydalanish.

Yuridik va jismoniy shaxslar fuqarolarning o’z reproduktiv huquqlarini amalga oshirilishi bilan bog’liq axborotni sir saqlashlari shart.

Bachadon bo‘yni saratoni — bu bachadon pastki qismida (bachadon bo‘yni) rivojlanadigan xavfli o‘sma. Kasallikning asosiy sababi inson papilloma virusining (IPV) uzoq muddat davomida organizmda mavjudligi hisoblanadi. Bu ayollar orasida eng keng tarqalgan onkologik kasalliklardan biri bo‘lib, zamonaviy diagnostika usullari tufayli uni erta bosqichda aniqlash va muvaffaqiyatli davolash mumkin.

Bachadon bo‘yni saratoni rivojlanish xavfini oshiruvchi omillar:

  • Inson papilloma virusi (IPV) bilan infektsiyalanganlik holati.
  • Erta jinsiy hayot boshlanishi (18 yoshgacha).
  • Ko‘plab jinsiy sheriklarning mavjudligi.
  • Chekish.

Bachadon bo‘yni saratoni belgilari:

Kasallikning dastlabki bosqichlarida hech qanday alomat bo‘lmasligi mumkin, shuning uchun profilaktik tekshiruvlar juda muhim. Kasallik rivojlangan sari quyidagi belgilar paydo bo‘lishi mumkin:

  • Hayz davridan tashqari, jinsiy aloqadan keyin yoki menopauzadan so‘ng qon ketishi.
  • Qorin pastida yoki tos sohasida og‘riq.
  • Jinsiy aloqa vaqtida noqulaylik yoki og‘riq.
  • Uzoq va kuchli hayz ko‘rish.
  • Yo‘qimsiz hidga ega ajralmalar.
  • Oyoqlarning shishishi (kech bosqichlarda).

Agar siz ushbu belgilardan bir yoki bir nechtasini sezsangiz, shifokorga murojaat qiling. Ammo, bu belgilarning paydo bo‘lishi har doim saraton mavjudligini anglatmaydi..

Erta tashxisning ahamiyati:

Erta tashxis

Kech tashxis

To‘liq sog‘ayish imkoniyati yuqori

Asoratlar va o‘lim xavfi yuqori

O‘sma faqat bachadon bo‘ynida bo‘ladi

O‘sma boshqa organlarga tarqaladi

Oson va kam invaziv davolash

Uzoq va murakkab davolash

Davolanish xarajatlari past

Qimmat davolash xarajatlari.

Profilaktika va tashxis

Ginekologik ko‘rik

Muntazam ravishda shifokor qabuliga borish natijasida xavfli o‘zgarishlarni o‘z vaqtida aniqlash mumkin. Barcha ayollarga kamida 1 yilda 1 marotaba ginekolog profilaktik ko’rigidan o’tishi tavsiya etiladi.

Birlamchi profilaktika – IPVga qarshi emlashni o’z ichiga oladi. Odatda emlash jinsiy hayot boshlanishidan oldin tavsiya etiladi. Bachadon bo‘yni saratoni rivojlanishiga sabab bo‘ladigan virusdan himoyalanish uchun IPVga qarshi emlash muhimdir.

IPVga qarshi emlash 9–14 yoshdagi qizlar va ogil bolalar uchun tavsiya etiladi. Agar inson  ilgari emlanmagan bo‘lsa, 26 yoshgacha emlanishi mumkin.

Ikkilamchi profilaktika – saratonni erta bosqichda aniqlash maqsadida skrining tekshiruvlaridan o‘tish nazarda tutiladi. Skrining sog’lom ayollar orasida o’tkazilib, skrining usullariga IPV-test kiradi. IPV-test 30 yoshdan 55 yoshgacha har 5-10 yilda amalga oshiriladi.

IPV testi nima?

IPV testi yoki IPV skriningi inson papillo mavirusining mavjudligi va turlarini, xususan, bachadon bo’yni saratoni xavfi ortishi bilan bog’liq shtammlarni aniqlaydigan laboratoriya tekshiruvidir. IPVning 150 dan ortiq shtammlari (yoki genotiplari) ma’lum. Ularning orasida 14 ta shtamm onkogen hisoblanadi, ya’ni saratonni keltirib chiqaradi.

IPV testi qanday o’tkaziladi?

1. Namuna yig’ish — shifokor ginekologik tekshiruv vaqtida maxsus mo‘yqalam yoki shpatel yordamida bachadon bo’ynidan hujayralar namunasini oladi. Jarayon og’riqsizdir.

2. Laboratoriya tekshiruvi — olingan namuna virusning mavjudligi va turini aniqlash uchun PZR (polimeraza zanjiri reaktsiyasi) yoki Dezoksiribonuklein kislota (DNK) testi yordamida tahlil qilinadi.

Nima uchun IPV-testdan o’tish muhim?

• Bachadon bo’yni saratoniga olib kelishi mumkin bo’lgan virusning yuqori onkogen shtammlarini aniqlash imkonini beradi.

• Keyingi monitoring va/yoki davolanish zarurligini aniqlashga yordam beradi.

• Pap testi bilan birga amalga oshirilsa, u saraton oldi o’zgarishlarni aniqlashda sezilarli darajada yuqori aniqlikni ta’minlaydi

• IPV testi o’z vaqtida saraton havfini aniqlash va jiddiy kasallikning rivojlanishining oldini olish imkonini beruvchi muhim profilaktika vositasidir.

Pap testi nima?

Pap testi (Papanicolaou testi, yoki sitologik tekshiruvi) bachadon bo’yni saratoni uchun skrining usuli, saraton oldi o’zgarishlarni ko’rsatuvchi nosog’lom hujayralarni aniqlash imkonini beradi.

IPV testi skrining uchun ishlatilmaydigan mamlakatlarda Pap testi skrining usuli hisoblanadi. O‘zbekistonda IPV-testi ijobiy bo‘lgan ayollarga Pap testi o‘tkaziladi.

Pap testi qanday o’tkaziladi?

1. Ginekologik tekshiruv vaqtida shifokor maxsus moʻyqalam yoki shpatel yordamida bachadon bo’yni sirtidan namuna oladi.

2. Olingan namuna shishaga surtiladi yoki suyuq muhitga joylashtiriladi va mikroskopik tekshirish uchun laboratoriyaga yuboriladi.

3. Laboratoriyada tahlil qilinadi.

Pap testi nima uchun muhim?

Ushbu test bachadon bo’yni hujayralarida saratondan oldingi o’zgarishlarni erta bosqichlarda, kasallikni davolash osonroq bo’lganda aniqlashi mumkin. Muntazam ravishda Pap testlarini o’tkazish bachadon bo’yni saratoni rivojlanish xavfini kamaytiradi va muvaffaqiyatli davolanish imkoniyatini oshiradi.

Kolposkopiya va biopsiya nima?

Agar Pap testi bachadon bo’ynidagi nosog’lom hujayralarni ko’rsatsa, shifokoringiz kolposkopiya (kattalashtiruvchi tekshiruv) va biopsiya (tekshirish uchun to’qima namunasini olish) tekshiruviga yo‘llanma berishi mumkin.

Kolposkopiya — bachadon bo’yni kattalashtirish ostida tekshirish va 3-5% sirka kislotasi va Lugol eritmasi yordamida sinamalarni o’tkazish.

Biopsiya — bu patomorfologik tahlil uchun kolposkopiya paytida bachadon bo’yni shubhali joylardan kichik hajmda to’qimalarni olish. Ushbu usul tashxis qo’yish uchun ishlatiladi.

Ushbu testlardan biron bir xavf yoki nojo’ya ta’sir bormi?

IPV testi, Pap testlari va ginekologik tekshirish odatda xavfsiz muolajalar hisoblanadi, ammo ba’zi ayollar biroz noqulaylik yoki kichik nojo’ya ta’sirlarni boshdan kechirishi mumkin.

Ehtimolli xavflar va nojo’ya ta’sirlar:

1. IPV va Pap testlari

 Xavfsiz, lekin quyidagilarga olib kelishi mumkin:

• Namuna yig’ish paytida kichik noqulaylik.

• Muolajadan keyin biroz qon kelishi- kamdan-kam holatlarda (bu normal holat va tez o’tib ketadi).

• Kamdan kam hollarda — bachadon bo’yni sezgirligi oshish xususiyati, ayniqsa yallig’lanish yoki infektsiya bo’lsa.

• Natijani kutish bilan bog’liq tashvish (agar natija ijobiy bo’lsa, shifokor keyingi qadamlarni tushuntiradi).

Noqulaylikni qanday kamaytirish mumkin?

• Tinchlaning, chuqur va sekin nafas oling.

• Agar ko‘plab noqulayliklar his qilsangiz, shifokoringizga xabar bering.

• Muolajani hayzdan keying muddatga rejalashtiring.

2.Biopsiya bilan kolposkopiya

 Xavfsiz, lekin quyidagilarga olib kelishi mumkin:

• Biopsiya olinayotganda og’riq

• Biopsiya jarayonidan keyin biroz qon kelishi (bu normal holat va tez o’tib ketadi).

• Kamdan-kam hollarda biopsiyadan keyin kuchli qon kelishi mumkin. Bu esa shifokorga yana bir bor tashrif buyurishingizni talab qiladi.

• Natijani kutish bilan bog’liq tashvish (agar natija ijobiy bo’lsa, shifokor keyingi qadamlarni tushuntiradi).

Agar o’zgarishlar aniqlansa nima qilish kerak?

Agar tekshiruvda saraton oldi o’zgarishlar aniqlansa, ginekolog kasallik darajasiga qarab davolanishni belgilaydi. Bu kichik jarrohlik muolajalarni o’z ichiga olishi mumkin:

• Bachadon bo’yni zararlangan qismini halqa shaklida jarrohlik yo‘li bilan olib tashlash.

• Bachadon bo’yni konizatsiyasi.

Agar saraton kasalligiga shubha bo’lsa, shifokor sizni qo’shimcha tekshirish uchun onkologga yuboradi.

Esda tuting:

  • Bachadon bo‘yni saratonini profilaktika qilish va oldini olish mumkin — emlash va muntazam skrining tekshiruvlari orqali.
  • Kasallikni erta aniqlash to‘liq sog‘ayish imkoniyatini oshiradi.
  • Agar bezovta qiluvchi alomatlar paydo bo‘lsa, shifokorga kechiktirmasdan murojaat qiling.

Erta tashxis hayotni saqlab qoladi!

Sut bezlari to‘qimalarida paydo bo‘ladigan o‘simtalar sut bezi hujayralarining uzluksiz o‘sishi va bo‘linishi natijasida rivojlanadi. Ushbu o‘simtalarning aksariyati xavfsiz bo‘lsa-da, ba’zilari xavfli bo‘lishi mumkin va ular ko‘krak bezi saratoni deb ataladi. Ko‘krak bezi saratoni butun dunyo bo‘ylab ayollar o‘rtasida o‘limga sabab bo‘luvchi eng keng tarqalgan saraton kasalligidir. Erkaklarda ham ko‘krak bezi saratoni rivojlanishi mumkin, ammo bu juda kam uchraydi (1% dan kam). Ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash uni muvaffaqiyatli davolash uchun muhimdir.

Ko‘krak bezi saratonining rivojlanish ehtimolini oshirishi mumkin bo‘lgan omillar

Ayol jinsi

Ulug‘ yosh

Irsiyat

30 yoshdan keyin tuqqan yoki umuman tug‘magan ayollar

Hayz ko‘rishi erta boshlangan ayollar (12 yoshgacha)

55 yoshdan keyin hayz ko‘rishi to‘xtagan ayollar

Gormonal terapiyaning ayrim turlarini olgan ayollar

Ko‘krak bo‘limida nur terapiyasidan o‘tgan ayollar

Og‘ir vazindan aziyat chekayotgan ayollar, ayniqsa menopauza davrida

Ko‘krak bezi saratoni belgilari

Ko‘krak qafasi yoki qo‘ltiq ostining yo‘g‘onlashishi

So‘rg‘ichdan suyuqlik chiqishi (sut emas)

Ko‘krak terisida chuqurchalar yoki ajinlar paydo bo‘lishi

Ko‘krak hajmi yoki shaklining o‘zgarishi

Ko‘krak qafasi yoki qo‘ltiq ostidagi odatiy ko‘krak tuzilishidan sezilarli darajada farq qiladigan qattiqlik yoki shish

So‘rg‘ichning taranglashishi yoki bo‘shashib qolishi

Terining apelsin po‘stlog‘iga o‘xshab o‘zgarishi

So‘rg‘ich atrofida teri ko‘chishi va qichishish bilan yaralar yoki toshmalar paydo bo‘lishi

Agar siz ushbu belgilardan birini yoki bir nechtasini sezsangiz, albatta shifokorga murojaat qiling. Yodda tuting, ushbu alomatlardan birining mavjudligi sizda saraton kasalligi borligini anglatmaydi.

Erta tashxis qo‘yishning ahamiyati

 

Erta tashxis

Kechiktirilgan tashxis

Tuzalish ehtimoli

99% gacha

16% gacha

Tarqalishi

Saraton o‘simtasi ko‘krak sohasidan tashqariga tarqalmaydi.

Saraton o‘simtasi boshqa organlarga tarqaladi.

Davolash

Seanslar soni va davomiyligi bo‘yicha qisqaroq

Uzoqroq va intensiv davolash

Xarajatlar

Kamroq xarajat

Katta xarajatlar

Ko‘krakni mustaqil tekshirish

Ko‘krakni mustaqil tekshirish – ko‘krakning normal shakli va ko‘rinishini bilgan holda undagi har qanday o‘zgarishlarni darhol payqay olishdir. Ko‘krakni muntazam ravishda mustaqil tekshirish sog‘liqni nazorat qilish usuli bo‘lib, unda ayol saratonning ehtimolli belgilarini erta aniqlash uchun ko‘krakni mustaqil ravishda ko‘zdan kechiradi. Bunday tekshiruvni 25 yoshdan boshlab har oy o‘tkazish tavsiya etiladi.

Ko‘krak qafasini qaysi payt tekshirim kerak?

Bunday tekshiruvni 25 yoshdan boshlab har oy o‘tkazish tavsiya etiladi.

• Bu tekshiruv hayz tugagandan so‘ng 2-3 kundan so’ng o‘tkazilishi kerak.

• Agar siz ko‘krak suti bilan emizayotgan bo‘lsangiz, farzandingizni emizgandan so’ng tekshiruv o‘tkazishingiz kerak.

• Agar siz homilador bo‘lsangiz yoki menopauzaga yetgan bo‘lsangiz, ushbu tekshiruvdan muntazam o‘tish uchun har oyning ma’lum bir kunini tanlashingiz kerak, masalan, har oyning birinchi kuni.

Kimlar mustaqil tekshiruvni o‘tkazishi kerak?

Ko‘krak bezi saratoni har qanday ayolda shakllanishi mumkin va uning rivojlanish xavfi yosh o‘tishi bilan ortadi. Shuning uchun 25 yoshdan boshlab muntazam ravishda har oy o‘z-o‘zini tekshirishni boshlash kerak. Bu ayolga ko‘krak qafasining xususiyatlarini yaxshiroq o‘rganish, uning shakli va tuzilishidagi har qanday o‘zgarishlarni o‘z vaqtida payqash imkonini beradi.

Tekshiruv tartibi

Birinchi qadam: vizual tekshirish

• Ustki kiyimingizni yechib, katta ko‘zgu qarshisiga turing.

• Ko‘krak shaklida g‘ayritabiiy o‘zgarishlar yo‘qligiga ishonch hosil qilish uchun ko‘zguda ko‘krak qafasiga qarang. Bu o‘zgarishlar shish paydo bo‘lishi, ko‘krak terisidagi o‘zgarishlar, so‘rg‘ich shakli va/yoki yo‘nalishidagi o‘zgarishlar yoki noodatiy suyuqlik ajralishini o‘z ichiga olishi mumkin.

1. Qo‘llarni boshdan yuqoriga ko‘taring (tirsaklar bosh ustida) va ko‘kraklaringizning o‘lchamlari bo‘yicha har qanday o‘zgarishlarni kuzating: ular bir xil ko‘tarilyaptimi, yangi chuqurchalar bormi, bir yoki ikkala ko‘krak ma’lum bir yo‘nalishda tortilganmi.

2. Qo‘llarni belga qo‘yib, ko‘krak mushaklarini taranglashtiring.

3. Qo‘llarni belga qo‘ying, so‘ng oldinga egiling.

Ikkinchi qadam: Paypaslash

• Tekshiruvning bu qismini chalqancha yotgan holda bajaring.

• Ko‘krakning chap tomonidan yelka ostiga yostiq yoki buklangan sochiq qo‘ying va chap qo‘lingizni boshingiz orqasiga qo‘ying.

• O‘ng qo‘lingizdagi uchta o‘rta barmoqning yumshoq qismi yordamida tekshiruv o‘tkazing. Chap ko‘krakni aylanma harakatlar bilan biroz bosib, ko‘zdan kechiring, keyin o’rtacha bosing va nihoyat, har bir nuqtani qattiqroq bosing. Barmoqlaringizni uzmasdan bir nuqtadan ikkinchisiga harakatlantiring.

• Tekshiruvni aylanma sxema bo‘yicha o‘tkazing: ko‘krakning tashqi qismidan boshlang va har bir sohani sinchkovlik bilan tekshirib, asta-sekin ko‘krak uchiga qarab boring. Oxirida albatta qo‘ltiq osti sohasini ko‘zdan kechiring.

• Chap ko‘krakni ko‘zdan kechirishni tugatgandan so‘ng, xuddi shu qadamlarga amal qilgan holda o‘ng ko‘krakni ko‘zdan kechirishga kirishing.

• Agar sizda ko‘krak to‘la yoki katta bo‘lsa, uni ehtiyotkorlik bilan chetga yo‘naltirib, barcha sohalarni, shu jumladan yon qismlarni sinchkovlik bilan tekshiring.

• Tekshiruvni dush qabul qilish paytida takrorlashingiz mumkin, chunki sovun ishqalanishni kamaytiradi va har qanday shishni paypaslashni osonlashtirishi mumkin.

Klinik tekshiruv

Ko‘krakni klinik tekshiruvdan o‘tkazish nima?

Ko‘krakning klinik tekshiruvi shifokor tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvdir. Ko‘rik paytida shifokor ko‘krakning o‘lchami, shakli, terisining holati yoki so‘rg‘ichida o‘zgarishlar bor-yo‘qligini tekshiradi. So‘ngra o‘rta barmoqlarning yumshoq joyi yordamida ko‘krak qafasini paypaslab, unda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan shish yoki boshqa o‘zgarishlarni aniqlaydi.

Bunday tekshiruvni qachon o‘tkazish kerak?

Ko‘krakni klinik tekshirish 25 yoshdan boshlab har yili o‘tkazilishi tavsiya etiladi.

Shifokor nimalarni amalga oshiradi?

Ko‘krak bezi saratoni xavfini baholash uchun kasallik tarixingizni so‘raydi.

Klinik tekshiruvining har bir bosqichi haqida to‘liq ma’lumot beradi.

Ko‘krak salomatligi haqidagi barcha savollaringizga javob beradi.

Shifokoringiz bilan nimalarni muhokama qilishingiz kerak?

Ko‘krakda kuzatilgan har qanday g‘ayritabiiy alomatlar haqida shifokorga xabar bering.

Har qanday tushunarsiz atamalarni aniqlashtirish va ko‘krak salomatligi haqida qo‘shimcha ma’lumot olish uchun shifokoringizga murojaat qiling.

Klinik tekshiruvdan oldingi qadamlar

Agar xohlasangiz, oila a’zolaringizdan biri, dugonangiz yoki hamkasblardan birini tekshiruv paytida sizga hamroh bo‘lishini so‘rashingiz mumkin.

Tibbiy ko‘rik alohida xonada o‘tkaziladi.

Kiyimning ustki qismini yechish kerak bo‘ladi.

Shifokor qaysi joylarni tekshiradi?

Shifokoringiz o‘mrovdan ko‘krak qafasining pastki qismigacha bo‘lgan barcha ko‘krak sohasini, shu jumladan qo‘ltiq osti sohasini ham tekshiradi.

Tekshiruv tartibi:

O‘tirgan holatda.

1. Shifokor yoki hamshira ko‘kragingiz, teringiz yoki so‘rg‘ichingiz shaklida o‘zgarishlar bor-yo‘qligini aniqlash uchun ko‘kragingizni tekshiradi va sizdan quyidagilarni so‘rashi mumkin:

• Qo‘llarni yon tomonlarga bo‘sh qo‘yish.

• Qo‘llarni boshingiz ustiga qo‘yish.

• Qo‘llarni bel atrofiga qo‘yish.

2. Shifokor yoki hamshira o‘mrovning yuqori va pastki sohasi hamda qo‘ltiq ostidagi limfa tugunlarida shish bor-yo‘qligini tekshiradi.

Yotgan holatda:

• Shifokor yoki hamshira uchta o‘rta barmoqning yumshoq qismi bilan ko‘krak bezi to‘qimasini paypaslaydi, bu ularga ko‘krak bezi to‘qimalarining holatini baholashga yordam beradi.

• Shifokor ko‘krak va qo‘ltiq osti sohasidagi to‘qimalarni uch xil bosim darajasida tekshiradi: yengil, o‘rtacha va kuchli. Ushbu uch xil daraja ko‘krak bezi to‘qimasining shish paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha qatlamlarini sezishga yordam beradi. To‘qimalarni sinchiklab tekshirish biroz noqulaylik tug‘dirishi mumkin, ammo bu aniq tashxis qo‘yish uchun juda muhim.

Tekshiruv oxirida:

• Shifokoringiz ko‘krak qafasini mustaqil tekshirishning eng yaxshi usulini ko‘rsatishi mumkin. Bunda siz to‘qimalarning normal tuzilishi bilan tanishishingiz va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan har qanday o‘zgarishlarni payqashni o‘rganishingiz mumkin. Bu tekshiruvni samarali o‘tkazishga va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni o‘z vaqtida aniqlashga yordam beradi.

• Shifokor ko‘krak salomatligi profilaktikasi va nazoratiga individual yondashuvni ishlab chiqishga yordam beradi.

Mammografiya nima?

Bu ko‘krak bezi saratonini erta aniqlashning samarali metodi bo‘lib, eng aniq usullardan biri hisoblanadi.

Ushbu turdagi tekshiruvlar ko‘krak qafasining rentgen tasvirlarini (mammografiya) o‘z ichiga oladi. Unda siz yoki shifokoringiz sezishidan oldin ko‘krakning kattalashishi yoki qattiqlashishini, xoh kichik, xoh katta bo‘lsin, aniqlash mumkin.

Mammografiya qachon o‘tkazilishi kerak?

Mammografiyani 45 yoshdan boshlab 65 yoshgacha ikki yilda bir marta o‘tkazish tavsiya etiladi.

Yoshingizdan qat’i nazar, agar siz ko‘krak qafasida qandaydir o‘zgarish yoki boshqa alomatlarni, masalan, shish, suyuqlik ajralishi, yaralar yoki terining qizarishini sezsangiz, darhol shifokorga murojaat qiling.

Mammografiya qanday o‘tkaziladi?

Skanerlashdan oldin rentgenolog sizdan ustki kiyimingizni yechishni so‘raydi.

Mutaxassis apparat oldida qanday turish kerakligini tushuntiradi, chunki har bir ko‘krak alohida skanerlanadi.

Ko‘krak skaner apparatiga qo‘yiladi, so‘ngra biroz siqiladi.

Siz siqish tufayli biroz noqulaylikni his qilishingiz mumkin, ammo bu aniq va yuqori sifatli tasvirlarni olish uchun zarur.

Ko‘rsatmalarga aniq rioya qilish va tekshiruv paytida qimirlamay turish juda muhim.

Ko‘krakda shish bo‘lsa, nima qilish kerak?

Agar ko‘krak qafasi tasvirlarida shish aniqlansa, shifokor qo‘shimcha tekshiruvlarni tavsiya qilishi yoki tahlil uchun to‘qima namunasini olishi mumkin. Ammo xavotirga o‘rin yo‘q, chunki suratlarda aniqlangan shishlarning aksariyati xavfsiz bo‘lib, saratonni bildirmaydi.

Bunday tekshiruvning qandaydir xavfi yoki nojo‘ya ta’siri bormi?

Mamografiyada nurlanish ta’siri miqdori juda kam bo‘lib, hatto tekshiruvlar qayta-qayta o‘tkazilsa ham xavfsiz hisoblanadi. Rentgenlash afzalliklari minimal xavfdan ancha yuqori.

Qaysi vaqtda mammografiyadan o‘tgan ma’qul?

• Hayzdan so‘ng darhol va siklning o‘rtasiga kelishdan oldin mammografiya qilgan yaxshiroq, chunki bu vaqtda gormonal o‘zgarishlar minimal bo‘lib, ko‘krak tuzilishiga ta’sir qilmaydi. Hayz kelishidan bir hafta oldin tekshiruv o‘tkazishdan saqlaning, chunki gormonal o‘zgarishlar natijalarga ta’sir qilishi mumkin.

• Agar siz menopauzadan keyingi davrda bo‘lsangiz, qulaylik uchun har yili bir vaqtda tekshiruvdan o‘tishingiz mumkin.

• Homiladorlik yoki emizish davrida mammografiya o‘tkazish tavsiya etilmaydi. Agar sizda ushbu davrda savollar yoki muammolar paydo bo‘lsa, shifokor bilan maslahatlashing.

Mammografiyaga qanday tayyorgarlik ko‘rish kerak?

• O‘zingiz bilan oldingi barcha ko‘krak rentgeni suratlarini olib keling.

• Tekshiruv kuni dush qabul qilish mumkin, ammo dezodorant, upa yoki losyonlardan foydalanmaslik tavsiya etiladi, chunki ular terida iz qoldirishi mumkin, bu esa tasvir sifatiga salbiy ta’sir qiladi.

• Tekshiruv uchun faqat tananing yuqori qismini ochish kerak, shuning uchun kofta va shim yoki yubka kabi ikki qismdan iborat kiyim kiying.

Iltimos, yodda tuting.

Muntazam tekshiruvdan o‘tkazishdan maqsad kasallikni erta bosqichda, alomatlar paydo bo‘lishidan oldin aniqlashdir.

Shuning uchun kasallik belgilari bo‘lmasa ham, tekshiruvlarni davom ettirish muhim. Ko‘krak qafasini har oyda mustaqil tekshirish oddiy va oson jarayon bo‘lib, har qanday o‘zgarishlarni o‘z vaqtida aniqlashga hamda sog‘lig‘ingizga ishonch hosil qilishga yordam beradi.

Ammo mustaqil tekshiruvning o‘zi yetarli emas. U ayolning yoshi hamda kasallik tarixiga qarab o‘tkazilishi kerak bo‘lgan shifokorning muntazam tekshiruvlari va mammografiya bilan birga olib borilishi kerak.

Saraton kasalligini erta aniqlash hayotingizni saqlab qolishi mumkin, chunki bu bosqichda omon qolish darajasi 99 foizgacha yetishi mumkin.

Har oy muntazam o‘z-o‘zini tekshirish 25 yoshdan boshlab butun umr davomida o‘tkazilishi kerak.

Yoshingizdan qat’i nazar, ko‘krak qafasida biror o‘zgarish yoki alomatlar, masalan, shish, suyuqlik ajralishi, yaralar yoki terining qizarishi kuzatilsa, albatta shifokorga murojaat qiling.

Unutmang, azizam!

Ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash va davolash to‘liq tuzalish imkoniyatini sezilarli darajada oshiradi.

Oila — inson hayotining asosiy bo’g’inidir. Oila qo’rg’onini mustahkam bo’lishini o’ylab nikoh oldidan kelin-kuyovni tibbiy ko’rikdan o’tkazish yangi oilaning mustahkamligi va tug’ilajak farzandlarning barkamolligini ta’minlaydi.

Nikohdan oldingi tibbiy ko’rikning ahamiyati, roli, yo’l-yo’riqlari haqida Respublika aholi reproduktiv salomatligi markazi direktori Shahnoza Zufarova SSV matbuot xizmatiga ma’lumot berdi:

– O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 25 avgustdagi «Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko’rikdan o’tkazish to’g’risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qaroriga muvofiq, bo’lg’usi kelin-kuyovlar bepul tibbiy ko’rikdan o’tkaziladi.

Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko’rikdan o’tkazishdan ko’zda tutilgan asosiy maqsad — irsiy va nasliy kasalliklarning oldini olish, oilada sog’lom muhitni qaror toptirishdir.

Barcha nikohlanuvchilar turmush qurishdan oldin tibbiy ko’rikdan o’tishi shart. Shundan so’ng tibbiy ko’rikning xulosasiga qarab, bo’lajak oila vakillari qaror qabul qilishadi.

— Nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko’rikdan o’tishi qay tartibda amalga oshiriladi?

— Nikohlanuvchi shaxslar yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali nikohni qayd etish uchun ariza beradilar.

Shundan so’ng yuborilgan arizani FHDYO organlari ko’rib chiqib, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko’rikdan o’tish uchun yo’llanma beradi.

Yo’llanma hozirda FXDYO organlarida qog’oz shaklida nikohlanuvchi shaxslarning ko’liga topshirilmoqda.

Tibbiy ko’rikdan o’tgandan keyin, nikoh tuzilishiga O’zbekiston Respublikasi oila kodeksining nazarda tutilgan to’siqlar mavjud bo’lmagan taqdirda, FHDYO organlari tomonidan nikohni qayd etish belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko’rikdan o’tish uchun o’zlariga qulay bo’lgan ko’p tarmoqli poliklinikalardan o’tishlari joriy qilinmoqda.

2021 yil 1 iyundan fuqarolarning doimiy (vaqtincha) ro’yxatdan o’tgan joyidan qat’i nazar fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko’rikdan o’tkazish kabi amaliyotlar eksterritorial tamoyil asosida amalga oshiriladi.

— Bo’lajak yosh oila qanday tibbiy ko’riklardan o’tadi?

— Yoshlar ko’p tarmoqli Markaziy poliklinikalarida bepul dispanserizasiyadan, ya’ni kardiolog, endokrinolog, revmatolog mutaxassislari jalb qilingan holda nikoh oldi tibbiy ko’rikdan o’tadi hamda qo’shimcha UTT, EKG, umumiy qon tahlili, qondagi qand miqdori aniqlanadi.

Shuningdek, ruhiy kasalliklar (shizofreniya, epilepsiya, oligofreniya) yuzasidan tekshirish, narkologik kasalliklar yuzasidan tekshirish, zaxm yuzasidan tekshirish, sil yuzasidan tekshirish, OIV/OITS yuzasidan tekshirish olib boriladi.

Nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko’rigi natijalari to’g’risida tibbiyot muassasasining xulosasi ma’lumotnomada aks ettiriladi.

Ma’lumotnoma tibbiyot muassasasining muhri va rahbarining imzosi bilan tasdiqlanadi.

Respublika axoli reproduktiv salomatlik markazi direktori, t.D.n. Sh.A. Zufarova.

O’zbekistonda yangi turmush qurganlarni nikohgacha tibbiy ko’rikdan o’tkazish avtomatlashtirilgan elektron ma’lumotlar bazasiga kiritiladi. Bu haqda Sog’liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma’lum qilmoqda.

Respublika aholi reproduktiv Salomatlik markazi direktori Shaxnoza Zufarovaning so’zlariga ko’ra, yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish FHDYo va tibbiyot muassasalari o’rtasida ma’lumotlarni birlashtirish maqsadida Prezident 5124/05/25/2021-sonli qarori bilan ko’zda tutilgan.

Ushbu chora quyidagi natijalarga erishishi kutilmoqda—

— inson omilining kamayishi

— natijalarni soxtalashtirishning oldini olish

— shifokorning erkin tanlovi

— yagona elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish

Ekspert, shuningdek, bo’lajak kelin-kuyovlar tibbiy ko’rikdan o’tmaslikka harakat qilgan holatlar ham bo’lganini aytdi. Natijada nosog’lom bolalar tug’ilishi mumkin.

SSV matbuot xizmati Respublika aholi reproduktiv salomatligi markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Shaxnoza Zufarova bilan suhbat

— Afsuski, bugungi kunda bepushtlik dardidan aziyat chekayotgan juftliklarimiz ham bor. Tajribali mutaxassis sifatida buning sabablari haqida nimalar deya olasiz?

— Albatta, bepushtlikdan aziyat chekayotgan juftliklarning borligi achinarli holat. Bu muammoning ildizini nafaqat qiz bolalardan, balki o’g’il bolalardan ham qidirishimiz mumkin. Chunki yoshlikda o’tkazgan kasalliklar va ularning asoratlari, o’z vaqtida shifokorga murojaat qilmaslik keyinchalik bepushtlikka sabab bo’lishi mumkin.

Masalan, o’g’il bolalarda o’tkazilgan epid parotit (xalq tilida tepki) kasalligi bo’lsa, qiz bolalarda endokrin va somatik hamda turli yallig’lanish kasalliklari ham bepushtlikka sabab bo’lishi mumkin.

Inson organizmidagi har bir gormonning o’z vazifasi bor. Bulardan farqli ravishda, ayollarda uchraydigan gormon (estrogen) o’z navbatida farzand ko’rish qobiliyatini yuzaga keltiradi va ayol jinsiga monand qomat, xulq-atvor va nafosatni belgilaydi.

Qiz bola organizmida estrogen gormonining kamayib ketishi oqibatida tuxumdon faoliyati susayadi. Bu esa follikulaning o’z vaqtida etilmasligi natijasida hayz tsiklining buzilishi, ko’krak bezi va bachadonning qisqarishiga olib keladi. O’z vaqtida davolanmaslik kelajakda bepushtlikka sabab bo’lishi mumkin.

Estrogen gormonining kamayib ketishi qalqonsimon bez xastaligi bilan ham bog’liq muammolardan biridir. Chunki ushbu a’zo orqali butun tana boshqariladi va u gormonlar faoliyatiga ham mas’ul.

Bu gormonning kamayib ketishi nafaqat ayollarda, balki balog’at yoshidagi qiz bolalar organizmida ham ro’y berishi kuzatiladi.

O’smir yoshdagi qiz bola organizmida gormonal buzilishlar ro’y berishi hayz ko’rish davridan boshlanadi. Hayz tsikli har bir qiz bola organizmida turlicha kechadi.

Ba’zilarda bu 11-12 yoshdan boshlansa, ba’zi qizlarda esa 15 yoshga etganida ham hayz ko’rish kechikishi mumkin. Hayz tsiklining 25-28 kundan oshib ketishi, hayz kunlarining uzayishi va og’riqli kechishi, qovuq ostida og’riq bo’lishi organizmda gormonal buzilishlar ro’y berayotganidan darak beradi.

Qiz bolalarda uchraydigan endokrin, somatik xastaliklar, jinsiy a’zolarda turli yallig’lanishlar kelgusida jiddiy kasalliklar, jumladan bepushtlikni ham yuzaga keltirishi mumkin.

Ammo bir narsani ta’kidlashni istardimki, ko’pchilik bepushtlik to’g’risidagi xulosani juda erta chiqarishadi. Masalan, atigi 5-6 oy yashagan juftliklar ham farzand ko’rolmayapmiz deb kelishadi.

Aslida bir yil davomida hech qanday kontratseptiv vositalarini qo’llamasdan yashagandan so’ng homiladorlik ro’y bermasagina, davo choralarini ko’rishni boshlash mumkin.

— Shunday juftliklarga qanday tavsiyalar berasiz? Ular dastlab qanday tekshiruvlardan o’tishi lozim?

— Kasallikni o’z vaqtida davolash bemorning tezda tuzalishiga turtki bo’ladi.

Shunday ekan:

shifokor-ginekolog huzuriga o’z vaqtida borish;   

qalqonsimon bez xastaliklari (shuningdek, bo’qoq) kasalliklarini o’z vaqtida davolash;

jinsiy kasalliklarni o’z vaqtida davolash lozim;

bemorning davolanishi bilan birgalikda to’laqonlik ovqatlanishi, sut mahsulotlari, tuxum, pomidor, qovoq va sabzavotlarni ko’proq iste’mol qilishi zarur. Ushbu mahsulotlar tarkibida foliy kislotasi, jumladan, vitamin C kabi ko’p miqdorda bo’lib, gormonal o’zgarishlarni bir maromda saqlashda yordam beradi.

Jumladan, mosh, loviya, no’xat, soya, guruch, o’rik, kunjut, brokkoli karami va ko’katlar gormonal balansni mo»tadillashtiradi.

Dastlabki tekshiruvlar:

profilaktik tibbiy ko’rik;

ginekolog ko’rigi;

endokrinolog ko’rigi;

terapevt ko’rigi;

ultratovush tekshiruvini tashkil qiladi.

«Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to’g’risida»gi Qonunning 11-moddasiga asosan ayollarning reproduktiv salomatligini saqlash quyidagilarni o’z ichiga oladi:

          o’zining reproduktiv salomatligi, bepushtlikni davolash uslublari va kontratsepsiya to’g’risida ishonchli hamda to’liq axborot olish;

          reproduktiv salomatlikni saqlash sohasidagi xizmatlardan foydalanishni ta’minlash;

          reproduktiv salomatlik masalalari yuzasidan maxfiylikka rioya etilgan holda tibbiy maslahatlar va xizmatlar olish.

          Ayol bepushtlikdan davolanish, reproduktiv salomatligini homilador bo’lguniga qadar, homiladorlik davrida, tug’ish va tug’ishdan keyingi davrda davolashning zamonaviy uslublaridan foydalangan holda saqlash hamda davlat tomonidan ijtimoiy jihatdan qo’llab-quvvatlanish huquqiga ega.

          Homiladorlik davridagi tibbiy aralashuv er va xotinning yozma roziligi bilan, er bo’lmagan taqdirda ayolning o’z roziligi yoki ota-onasining roziligi yoxud u voyaga etmagan yoki muomalaga layoqatsiz bo’lgan taqdirda boshqa qonuniy vakillarining roziligi bilan amalga oshiriladi.

          Tibbiy aralashuvni rad etish fakti ehtimoldagi oqibatlar ko’rsatilgan holda tibbiy hujjatlarda qayd etiladi va homilador ayol tomonidan, buning imkoni bo’lmagan taqdirda uning eri yoki qarindoshlari tomonidan yozma tarzda, tibbiy aralashuvni rad etish haqida yozma javob olishning imkoni bo’lmagan taqdirda esa, shifokorlar konsiliumining xulosasi bilan tasdiqlanadi.

          Ayol homiladorlikka, uni sun’iy ravishda to’xtatishga va kontratsepsiyaga majbur qilinishi mumkin emas.