Sayt test rejimda!

Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimidagi tibbiyot muassasalari rahbarlari, inson resurslari bo‘yicha mutaxassislar, yuristlar hamda kasaba uyushmasi mas’ul xodimlari ishtirokida “Sog‘liqni saqlash tizimida inson resurslarini boshqarish, mehnat qonunchiligi va ijtimoiy-huquqiy munosabatlarni takomillashtirish masalalari” mavzusida o‘quv-seminar tashkil etildi.

Seminarni sog‘liqni saqlash boshqarmasining inson resurslarini boshqarish bo‘yicha mas’ul xodimi Yulduz Baratova kirish so‘zi bilan ochib berdi. Tadbir davomida sog‘liqni saqlash tizimida mehnat qonunchiligiga rioya etish, xodimlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, mehnat nizolarining oldini olish hamda murojaatlar bilan ishlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Seminarda viloyat sudi sudyalari, adliya boshqarmasi, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi hamda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qashqadaryo viloyati Kengashi mutaxassislari tomonidan dolzarb mavzularda ma’ruzalar qilindi.

Jumladan, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qashqadaryo viloyati Kengashi mehnat inspeksiyasi boshlig‘i Shamsiddin Sattorov kasaba uyushmalarining mehnat munosabatlari sohasidagi o‘rni haqida so‘z yuritdi.

Viloyat sudi sudyalari:
Bexzod Ostonov “Mehnat nizolarini sudgacha hal etish va sud amaliyotidagi dolzarb masalalar”,
— Sherzod To‘xtayev esa “Fuqarolar va xodimlar murojaatlari bilan ishlashda sud amaliyotida uchrayotgan dolzarb masalalar”
mavzularida ishtirokchilarga huquqiy tushunchalar va amaliy tavsiyalar berdi.

Shuningdek, viloyat adliya boshqarmasi mas’ul xodimi U.Ablakulov tomonidan mehnat shartnomalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, tug‘ruq hamda ijtimoiy ta’tillarni rasmiylashtirish tartibi yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi mutaxassisi Ramz Ravshanov esa mehnat munosabatlarining turlari, lokal normativ hujjatlar hamda xodim va ish beruvchining asosiy huquqlariga oid real vaziyatlar tahlilini olib bordi.

Seminar yakunida ishtirokchilarning savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi hamda sog‘liqni saqlash tizimida inson resurslarini samarali boshqarish, mehnat qonunchiligiga qat’iy rioya etish va ijtimoiy-huquqiy munosabatlarni yanada takomillashtirish yuzasidan muhim tavsiyalar bildirildi.

Mazkur o‘quv-seminar tizimdagi kadrlar salohiyatini oshirish, huquqiy savodxonlikni mustahkamlash hamda xodimlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi Axborot xizmati