Tibbiyot muassasalarining moddiy texnik bazasini yaxshilash va farzandlar salomatligini ta’minlashga nodavlat notijorat tashkilotlari ham munosib hissa qo‘shib kelmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 dekabrdagi PF-5590-son Farmoniga asosan 2019-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq, Oliy majlis huzuridagi jamoat fondi 2024 yil iyun oyida nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari o‘rtasida davlat organlarining ijtimoiy buyurtmalari asosida muhim ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha “Kam vaznli tug‘ilgan chaqaloqlarni parvarishlashda yuqori texnologiyali tibbiy aparatlardan samarali foydalanish” nomli ijtimoiy buyurtma loyihasini e’lon qilgan edi. Tanlovda O‘zbekiston “Mexr-shafqat va salomatlik” jamoat fondi Qashqadaryo viloyati xududiy muassasasi ham ishtirok etib tanlov g‘olibi bo‘ldi. Oliy majlis huzuridagi jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi qarori bilan  2024 yil 25 iyunda 950,0 mln so‘m mablag‘ ajratildi. Ajratilgan mablag‘ asosida Ijtimoiy buyurtma loyihasining birinchi bosqichida 10 dona zamonaviy yuqori texnologiyali EcoLa 3000 kyuvez inkubatorlari olib kelindi va Respublika Ixtisoslashtirilgan Ona va bola salomatligi ilmiy amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo viloyat filialining chaqaloqlar reanimatsiyasi va  yangi  tug‘ilgan  chaqaloqlar  patologiyasi bo‘limida kam vaznli va chala  tug‘ilgan chaqaloqlarni parvarishlash va ular o‘rtasida perinatal ulimni oldini olish uchun 5 tasi, shuningdek Qashqadaryo viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot  markazining intensiv  terapiya   va yangi  tug‘ilgan  chaqaloqlar  patologiyasi bo‘limlarida chaqaloqlarni parvarishlash uchun sharoit yaratish ular o‘rtasida neonatal ulimni oldini olish va kamaytirish maqsadida 5 tasi o‘rnatildi va texnik yaroqliligi to‘liq tekshiruvdan o‘tkazildi, hamda ushbu kyuvez inkubatorlarga 2 yillik bepul servis xizmatini ko‘rsatish kafolati belgilandi.

Toshkent shahridan maxsus texnik mutaxassislarni jalb qilgan holda ushbu kuvez inkubatorlarni to‘g‘ri, sifatli va samarali ishlatish bo‘yicha 10 soatlik mahort darslari o‘tkazildi.

Muddatidan avval tug‘ilgan chaqaloqlar hayotini saqlab qolish uchun qulay va xavfsiz mikro muhitni yaratilishi kerak. Ushbu vazifani inkubatorlar bajaradi, ulardan foydalangan holda yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning tana haroratini, chaqaloq atrofidagi kerakli namlik va kislorod darajasini saqlab turish imkoni mavjud bo‘ladi. Yangi avlod uskunalari ichki haroratni mustaqil ravishda sozlash, jumladan atrof-muhit va o‘rnatilgan harorat o‘rtasidagi farqni taqqoslash va mos ravishda isitish quvvatini o‘zgartirishda «inson omilini» deyarli yo‘q qiladi. Inkubatorning zamonaviy elektron qo‘shimchasi har bir qismning haroratini nazorat qilish imkonini beradi, bu haroratni boshqarish tizimini yangi darajaga olib chiqadi. Haroratning o‘zgaruvchanligi 0,2 °C gacha kamaytirilgan, bu esa bugungi kun yutug‘i ekanligini amaliyot tasdiqlab turibdi.

Biroq, texnikani takomillashtirishning o‘zi yetarli emas, mutaxassislar uning imkoniyatlaridan mohirona foydalana olishlari ham kerak. Bu esa loyihaning ikkinchi bosqichida – Samarqand davlat tibbiyot universitetining Diplomdan keyingi ta’lim fakulteti Neonatologiya kafedrasi bilan hamkorlikda Viloyatdagi 30 nafar  vrach neonatologlar va 90 nafar hamshiralarni “Muddatidan avval va kam vazn bilan tug‘ilgan chaqaloqlarni tug‘ri parvarishlashda tibbiyotning zamonaviy usullari” mavzusida malaka oshirish kurslari o‘tkazildi.

Kam vazn bilan tug‘ilgan go‘daklarning tana a’zolari shakllangan bo‘lsada, funksional jihatdan ancha zaif va o‘z vazifasini to‘liq bajarishga qodir bo‘lmaydi. Yuqori nafas yo‘llari nozik bo‘lib, ko‘krak qafasi nafas olishda kam qatnashadi. Nafas olishi tez va notekis, pulsi sust, me’da-ichak va nerv tizimlari funksional rivojlanmagan, tanasi esa haroratni bir meyorda ushlab tura olmaydi. Shu sababli, ularni parvarishlashning asosiy prinsiplari – tana harorati nazorati, nafas yetishmovchiligini davolash, ovqatlantirish, infeksiyadan himoya va albatta, mehr bilan ona qorni sharoitiga yaqin holat yaratishdan iborat. Shu bois ularni parvarishlash zamonaviy texnologiyalar bilan bir qatorda shifokorlardan yuksak malaka, fidoyilik talab etadi.

Kyuvez inkubatorlari o‘rnatilgandan so‘ng muddatidan oldin kam vazn bilan tug‘ilgan chaqaloqlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatning sifati yaxshilangangini, shifokor neonatologlar tomonidan chaqaloqlarni davolash davomida qulayliklarga ega bo‘lganliklarini, Chaqaloqlar reanimatsiyasi va  yangi  tug‘ilgan  chaqaloqlar  patologiyasi bo‘limiga murojaat qilib kelgan bemor chaqaloqlarning ota onalarining ham ko‘rsatiliyotgan tibbiy xizmatning yaxshilanganligidan mamnun ekanliklari hamda Neonatologlarning zamonaviy asbob-uskunalardan foydalanishdagi professionalligi natijasi, birinchi navbatda, bolalarning saqlab qolingan hayoti va sog‘lig‘i misolida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

Kyuvez inkubatorlar foydalanishga topshirilgandan so‘ng o‘tgan davr mobaynida 377 nafar muddatidan oldin va kam vazn bilan tug‘ilgan chaqaloqlarga yuqori texnologiyali tibbiy xizmat ko‘rsatildi va ularning xayoti saqlab qolinganligi ham loyihaning dolzarb ahamiyatga ega ekanligini isbotlamoqda.

Davlat ijtimoiy buyurtmasi loyihasi davomida ushbu tibbiyot markazlarining qo‘shimcha ehtiyojlari o‘rganilib, loyiha faoliyatida iqtisod qilingan mablag‘lar xisobidan  Respublika Ixtisoslashtirilgan  Ona va bola salomatligi ilmiy amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo viloyat filialiga  2 ta Glyukometr, 2 ta Pulsoksimetr, 1 ta infuzion nasos va 2 ta tibbiy elektron tarozi, hamda Qashqadaryo viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot  markaziga 4 ta vakkumli otsos va 2 ta tibbiy elektron tarozi olib berildi, bu ha bolajonlarimizga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlarni yanada yaxshilanishiga xizmat qiladi.

Davlat ijtimoiy buyurtmasi loyihasi davomida O‘zbekiston “Mexr-shafqat va salomatlik” jamoat fondi Qashqadaryo viloyati xududiy muassasasining shaxsiy ulushi xisobidan 45 mln so‘mga: qo‘shimcha targ‘ibot materiallari, bukletlar, 30 risola tayyorlandi, hamda ushbu markazlarda tashkil etilgan Onalar maktabini jihozlash uchun 2 ta kiyim shkaf olib berildi.

Hozirgi kunda loyiha samarali faoliyat olib bormoqda.

Qashqadaryo viloyati sog‘liqni

saqlash boshqarmasi axborot xizmati