“Mening yurtim” telekanalining “Markaziy studiya” dasturi orqali Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘ruq bo‘limi binosida ta’mirlash ishlari chala bajarilgani, muassasada ayrim tibbiy jihozlar yetishmasligi va xodimlar asossiz qisqartirilayotgani haqida telelavha efirga uzatilgan.
Mazkur holat yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi.
Aniqlanishicha, Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasi tug‘ruq bo‘limi binosi 1984 yilda qurilgan bo‘lib, 2005 yilda qayta ta’mirlangan. 2016 va 2022 yillarda esa muassasaning 1- va 2-bloklari to‘liq kapital ta’mirlanib, foydalanishga topshirilgan.
Ayni paytda bino kislorod tizimiga ulangan bo‘lib, bu yerda 3 darajali tumanlararo tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi tashkil etilgan. Hozirgi kunda tug‘ruq bo‘limi barcha zarur tibbiy asbob-uskunalar bosqima-bosqich ta’minlanmoqda.
Telelavhada namoyish etilgan tasvirlarda 2016 yilda qayta ta’mirdan chiqqan bino aks etgan bo‘lib, hozirda undan foydalanish to‘xtatilgan. Joriy yil “Tashabbusli budjet” dasturida tug‘ruq bo‘limining shimoliy qanotini ta’mirlash loyihasi g‘olib deb topildi. Bino qayta ta’mirlangach, foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, tug‘ruqxona uchun davlat tomonidan ajratilgan hamda tasdiqlangan shtat me’yorlari mavjud bo‘lib, shahar tibbiyot birlashmasi ma’muriyati tomonidan xodimlarga qisqartirish bo‘yicha hech qanday xabar berilmagan.
Qashqadaryo viloyati
sog‘liqni saqlash boshqarmasi
axborot xizmati.