Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «Dehqonobodda konteyner tibbiyot punkti nega 7 oydan beri yopiq?» sarlavhali xabar yuzasidan Qashqadaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qiladi:
2023 yilda Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani hokimligining tashabbusi bilan tumanning olis tog‘li hududi — Qo‘rg‘ontosh mahallasini sifatli tibbiy xizmat bilan ta’minlash maqsadida maxsus konteyner tibbiyot punkti tashkil etilgan.
Ayni paytda ushbu tibbiyot punktida 2 nafar tibbiy punkt brigada patronaji,1 nafar patronaj doya, jami 3 nafar tibbiyot xodimi faoliyat olib bormoqda.
Shu jumladan, tibbiyot punktiga biriktirilgan patronaj — Tog‘ayev Nazirto‘sh va qolgan xodimlar doimiy ravishda o‘z ish joyida bo‘lib, belgilangan xizmat vazifalarini o`z vaqtida bajarib kelishayotgani aniqlandi. Bu haqda mahallaning bir qator fuqarolari va tibbiyot punkti yonida joylashgan maktab o‘qituvchilari tomonidan ham guvohlik berilgan.
Har hafta belgilangan kunlarda tibbiy ko‘riklar, profilaktik tadbirlar, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari, emlash va boshqa asosiy tibbiy xizmatlar muntazam amalga oshirib kelingan. Bu aholining kunlik qabul qilish va bolalarni emlashlarini qayd etish daftarlarida ham o‘z aksini topgan.
Shuningdek, ushbu tibbiyot punktiga biriktirilgan tibbiy brigada tomonidan 3 ta qishloqda yashovchi jami 3527 nafar aholiga xizmat ko‘rsatiladi. Aholining chaqiruvi asosida uyma-uy tibbiy xizmatlar ham yo‘lga qo‘yilgan.
Shu o‘rinda ta’kidlaymizki, konteyner tibbiyot punktining yopilgani, tibbiy xizmat ko‘rsatilmayotgani yoki shifokorning ish joyida topilmayotgani haqida tarqalgan ma’lumotlar asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Bunday holatlarda noto‘g‘ri axborot tarqatishdan oldin mas’ul rasmiy idoralardan aniq, tasdiqlangan ma’lumot olish zarur deb hisoblaymiz.
Qashqadaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi ommaviy axborot vositalari va fuqarolarni xolis, aniq va tekshirilgan ma’lumotlar bilan faol hamkorlikka chaqirib qoladi.
Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi Axborot xizmati