Ko‘kdala tumani Chiyal bo‘limi faoliyati yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan murojaatlar bo‘yicha viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qiladi.
Chiyal bo‘limi 30 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, unda 10 o‘rinli tug‘ruq, 10 o‘rinli bolalar va 10 o‘rinli davolash (terapiya) bo‘limlari faoliyat yuritgan. Biroq, o‘rganishlar natijasida mazkur binoning moddiy-texnik bazasi ma’naviy va jismoniy jihatdan eskirgani, mavjud jihozlar esa zamonaviy tibbiy xizmat talablari darajasida emasligi aniqlangan.
❗️Shuningdek, kadrlar ta’minotidagi yetishmovchilik — xususan, faqat 1 nafar nafaqadagi akusher-ginekolog faoliyat yuritgani — aholi uchun sifatli va xavfsiz tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini sezilarli darajada cheklab kelgan.
Aholiga munosib tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida, Prezidentimiz tashabbuslari asosida 2026-yil mart oyida zamonaviy, yuqori texnologik uskunalar bilan jihozlangan yangi tug‘ruq majmuasi foydalanishga topshirildi.
Yangi tibbiyot muassasasi eng so‘nggi rusumdagi tibbiy uskunalar bilan jihozlangan, tor soha bo‘yicha malakali mutaxassislar bilan ta’minlangan,
ona va bola salomatligini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladigan zamonaviy sharoitlarga ega.
❗️Mazkur muassasa nafaqat Chiyal hududi aholisi, balki butun Ko‘kdala tumani aholisi uchun mo‘ljallangan bo‘lib, sifatli va xavfsiz tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Yangi joylashuv Chiyal hududidan atigi 12 km masofada bo‘lib, transport orqali o‘rtacha 15 daqiqada yetib borish mumkin.
🔵Mazkur o‘zgarishlar, avvalo, ona va bola salomatligini ishonchli ta’minlash, tug‘ruq jarayonlarida xavfsizlikni oshirish hamda aholiga zamonaviy tibbiy xizmatni yaqinlashtirishga qaratilgan.
Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati