Mahalliy darajada yo‘lga qo‘yilayotgan tizimli ishlar, sohada shaffoflik va samaradorlikni ta’minlashda yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda
Sog‘liqni saqlash sohasidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida aholini sifatli, adolatli va o‘z vaqtida tibbiy xizmatlar bilan qamrab olish, bu xizmatlarning shaffof va moliyaviy jihatdan barqaror tizimda yo‘lga qo‘yilishi uchun davlat tibbiy sug‘urta tizimi va unga qarashli reimbursatsiya mexanizmi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.
Shu munosabat bilan viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida Qashqadaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi va Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi hamkorligida matbuot anjumani va amaliy o‘quv seminari tashkil etildi. Unda viloyatdagi tibbiyot muassasalari rahbarlari, soha mutaxassislari, OAV vakillari hamda mahalliy jamoatchilik faollari ishtirok etdi.
Tibbiy sug‘urta – aholining salomatligini kafolatlashning zamonaviy mexanizmi
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, tibbiy sug‘urta tizimi joriy etilishi orqali fuqarolar nafaqat o‘z xohishiga ko‘ra tibbiyot muassasasini tanlash imkoniga ega bo‘lmoqda, balki eng muhimi – ularga kafolatlangan tibbiy xizmatlar paketi doirasida bepul va sifatli xizmatlar taqdim etilmoqda.
Bu orqali kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz fuqarolar ham adolatli va teng imkoniyatlarda tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Reimbursatsiya – esa aholi uchun iqtisodiy yengillik
Tadbirda alohida urg‘u berilgan muhim yo‘nalishlardan biri — reimbursatsiya tizimi bo‘ldi. Uning mohiyati — surunkali kasalliklarga duchor bo‘lgan bemorlarni davlat tomonidan elektron retsept orqali dori vositalari bilan bepul ta’minlashdan iborat.
Shuningdek, tibbiyot muassasalarida mustaqillik va samaradorlik ta’minlanmoqda
Yangi tizim nafaqat fuqarolar uchun, balki tibbiyot muassasalari uchun ham bir qator imkoniyatlarni taqdim etmoqda. Xususan:
-Shifoxonalarga tashkiliy va moliyaviy mustaqillik berilayotgani;
-Elektron yo‘llanma, elektron retsept, baholash va monitoring tizimlari joriy etilgani;
-Xar bir sarflangan so‘m G‘aznachilik xizmati orqali nazorat qilinayotgani;
-Davlat bilan bir qatorda nodavlat klinikalar ham tizimga jalb etilmoqda.
-Sohada sog‘lom raqobat muhiti yaratilishi, tibbiyot xodimlarini axborot texnologiyalari bilan ishlashga o‘qitish jarayoni ham izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
-Fuqarolarda ishonch, mutaxassislarda mas’uliyat kuchaymoqda
Matbuot anjumani davomida ta’kidlandiki, davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmatlar fuqarolarda tizimga nisbatan ishonchni kuchaytirmoqda. Bu esa o‘z navbatida aholining o‘z vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, kasalliklarni erta aniqlash va muvaffaqiyatli davolash imkoniyatlarini oshirmoqda.
Tadbir ishtirokchilari bu tizimni keng targ‘ib qilish, xususan, aholining tibbiy savodxonligini oshirish borasida mahalla, ta’lim muassasalari va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni kuchaytirish zarurligini alohida ta’kidlandi.
Tibbiy sug‘urta va reimbursatsiya tizimlari orqali tibbiyotga barqaror moliyaviy asos, tibbiy xizmatlarga esa adolatli yetib borish mexanizmi yaratilmoqda. Qashqadaryo viloyatida bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarning dastlabki natijalari ijobiy bo‘lib, tizimli yondashuv, raqamlashtirish va shaffoflik tamoyillari asosida yanada rivojlantirilishi rejalashtirilgan.
Laziza Allayorova
Qashqadaryo viloiyati sog`liqni saqlash
boshqarmasi matbuot xizmati rahbari