O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti tomonidan tasdiqlangan “Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining hududiy filiallari bilan tuman va shaharlarda 2025 yilda keng hamkorlik qilish yo‘l xaritasi” ijrosini ta’minlash maqsadida qator amaliy chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Mazkur yo‘l xaritasida belgilangan vazifalar ijrosi, shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligining dermatovenerologik xizmatga oid 2012–2018 yillar davomida qabul qilingan 128-, 377-, 510-, 633-sonli buyruqlarining ijrosini monitoring qilish, tibbiy xizmat sifatini oshirish va hududlarda ilg‘or amaliyotni joriy etish maqsadida viloyatda respublika ishchi guruhi bo`lib turibdi.
Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari N.I. Boymurzaev hamda markazning Dermatomikologiya bo‘limi mudiri S.Sh. Begimqulov boshchiligidagi ishchi guruh viloyatdagi hududiy filiallar, jumladan viloyat teri-tanosil kasalliklari shifoxonasi, shuningdek Ko‘kdala, Chiroqchi va Kitob tumanlaridagi dermatovenerologiya bo‘linmalarida amalga oshirilayotgan faoliyatni o‘rganmoqda.
Malakali mutaxassislar tomonidan yangi tahrirdagi klinik protokollarni amaliyotga joriy qilish, murakkab klinik holatlarda tashxis qo‘yish va davolash, mahalliy shifokorlarga uslubiy ko‘rsatmalar berish, hududiy filiallarda telemedisina imkoniyatlarini kengaytirish, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash borasida zarur maslahatlar berildi.
Kitob tumani va Shahrisabz shahridagi 2-son teri-tanosil shifoxonalarida joylarda faoliyat yuritayotgan dermatovenerolog shifokorlar ishtirokida tajriba almashish, yangi yondashuvlarni muhokama qilish va o‘rganilgan uslublarni real amaliyotga tadbiq qilish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Ayniqsa, bemorlarni bevosita ko‘rikdan o‘tkazish orqali mahalliy mutaxassislar bilan hamkorlikda tashxis qo‘yish va davolash rejasini ishlab chiqish samarali yo‘lga qo‘yildi.
Mutaxassislar 32 nafar bemorni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, har bir klinik holat bo‘yicha individual tavsiyalar va zarur muolajalar belgilashdi.
Bu kabi ilmiy-amaliy tadbirlar hududiy dermatovenerologik xizmatni yanada takomillashtirish, ilg‘or diagnostika va davolash yondashuvlarini amaliyotga tatbiq etish, shuningdek tuman va shaharlarda dermatologik xizmat sifati va qamrovini oshirishga amaliy ko`mak bo`lmoqda.
Laziza Allayorova
Qashqadaryo viloiyati sog`liqni saqlash
boshqarmasi matbuot xizmati rahbari