Qashqadaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchisining aholi va soha xodimlariga MUROJAATI

❗️ Hurmatli hamkasblar! Aziz yurtdoshlar!

✅ Korrupsiya — davlat va jamiyat rivojiga katta to‘siq bo‘lib, yurtimizda barcha sohalar qatori sog‘liqni saqlash tizimida ham bu illatga qarshi murosasiz kurash olib borilmoqda. Viloyatimizda ham byurokratiya va inson omili bilan bog‘liq salbiy holatlarga barham berish, tizimni shaffof va xalqchil qilishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bunda jamoatchilikning faol ishtiroki alohida ahamiyatga ega. Yurtdoshlarimizning qo‘llab-quvvatlovisiz tibbiyotni korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish qiyin. Shu bois barchani bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni birlashtirishga chaqiraman.

Afsuski, hali ham ba’zi soha muassasalarida korrupsiya, ta’magirlik va manfaatlar to‘qnashuvi kabi holatlar saqlanib qolyapti. Bu esa olib borilayotgan islohotlar samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, xalqimizning tibbiyotga ishonchini susaytiradi.

Shu maqsadda sohada ochiqlikni ta’minlash, hisobdorlikni oshirish va korrupsiyaga qarshi raqamli mexanizmlarni joriy etish ishlari davom etmoqda. Viloyatimizda ham Yagona tibbiyot axborot tizimi (DMED) bosqichma-bosqich joriy qilinmoqda.

Shuningdek, tibbiyot xodimlarini ishga qabul qilish jarayonlarini raqamlashtirish va ochiq tartibda o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmoqda.

Sohada rahbar va mutaxassis kadrlar zamonaviy menejment va moliyaviy bilimlarni o‘zlashtirishi uchun o‘quv kurslari tashkil etilmoqda.

✅ Biroq bu yetarli emas. Oldinda hali ko‘p vazifalar turibdi. Shu bois barchamizni kuchli jamoatchilik nazoratini ta’minlashga, korrupsiyaga qarshi kurashda birlashishga chaqiraman.

❗️ Hurmatli fuqarolar!

Agar viloyatimiz tibbiyot tizimida korrupsiya yoki qonunga zid boshqa holatlarga guvoh bo‘lsangiz, Sog‘liqni saqlash boshqarmasining “1003” ishonch telefoni yoki qash_korr@ssv.uz elektron pochtasi orqali murojaat qilishingizni so‘rayman.

‼️ Shuningdek, sohani yanada takomillashtirish bo‘yicha fikr va takliflaringiz ham biz uchun juda muhim. Har bir murojaat tinglanadi va amalda hal etilishiga ishonchingiz komil bo‘lsin.

Nizom Azizovich Qurbonov 

Qashqadaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i v.b