Oktabr –ayollar onkologiyasiga qarshi kurash oyligi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘krak bezi saratoni ayollar orasida eng ko‘p uchraydigan o‘sma kasalligi hisoblanadi. Har yili 2,3 milliondan ortiq yangi holat qayd etiladi, ularning 685 ming nafari hayotdan ko‘z yumadi. Statistik ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, saratonning erta bosqichda aniqlanishi bemorning hayotini 90 foizgacha saqlab qolishi mumkin.
Bu raqamlar nafaqat tibbiyot tizimining, balki butun jamiyatning hushyor bo‘lishini talab qiladi.
        Pushti lentalar ramzi nimani anglatadi?
Dunyo bo‘ylab har yili oktabr oyi “Pushti oylik”- Ayollar onkologiyasiga qarshi kurash oyligi sifatida nishonlanadi. Bu tashabbus 1985-yildan buyon xalqaro miqyosda davom etib kelmoqda va uning bosh maqsadi – ko‘krak bezi saratoniga qarshi kurashda jamiyatning barcha qatlamlarini ogohlikka, birdamlikka va amaliy harakatga chorlashdir.
Bugun pushti lenta butun dunyoda ko‘krak bezi saratoniga qarshi kurash ramzi sifatida tanilgan. U faqatgina bemor ayollarni emas, balki ularning yaqinlari, jamiyat, nodavlat tashkilotlar va davlat muassasalarining hamjihatligini ifodalaydi.
Pushti lenta – bu faqat aksessuar emas, u xabardorlik va birdamlik belgisi. Har bir taqilgan lenta, har bir qo‘llab-quvvatlovchi aksiyalar saratonga qarshi kurashda kuchli ijtimoiy rezonans uyg‘otadi.
Mamlakatimizda ham onkologik kasalliklar, xususan ko‘krak bezi saratoni muhim ijtimoiy muammo hisoblanadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ko‘plab ayollar shifokorga kech murojaat qilishlari natijasida davolash samarasi pasayadi.
Shu bois respublika bo‘ylab muntazam ravishda bepul skrining tekshiruvlari, profilaktik ko‘riklar o‘tkazilmoqda. Lekin asosiy vazifa – xotin-qizlar orasida hushyorlikni kuchaytirish, o‘z sog‘lig‘iga befarq bo‘lmaslik.

Bu kasallika uchramaslik uchun– nima qilish kerak?
Ko‘krak bezi saratoniga qarshi kurash nafaqat shifokorlar, balki butun jamiyatning vazifasidir. Uch asosiy yo‘nalishga e’tibor qaratish zarur:
1. Erta tashxis – ayollar yiliga kamida bir marta profilaktik tekshiruvdan o‘tishi lozim.
2. Targ‘ibot va seminarlar– ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘krak bezi saratoni haqida ochiq va ilmiy asoslangan ma’lumot berish.
3. Psixologik qo‘llab-quvvatlash – kasallik tashxisi qo‘yilgan ayollarga faqat tibbiy emas, balki ruhiy yordam ham ko‘rsatish.

Laziza Allayorova tayyorladi