Joriy yilning sentyabr oyida Rossiya Federatsiyasi Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vaziri oʻrinbosari Andrey Pudov boshchiligida Qurilish va uy-joy xoʻjaligi, Ichki ishlar va Sogʻliqni saqlash vazirliklari, Rostrud, Moskva hukumati hamda “Roskapstroy”, “Nostroy”, “Naymiks”, “Almas-integral”, “PIK Industriya”, “Reneyssans Xevi Indastris”, “Yandeks” kabi yirik ish beruvchi korxonalar vakillaridan iborat delagatsiya Oʻzbekistonga tashrif buyurgan edi.
Tashrif doirasida mehnat migratsiyasi masalalariga bagʻishlangan muzokaralar oʻtkazilib, qurilish sohasida ishlash istagida boʻlgan oʻn ming nafar fuqaroni yaqin vaqt davomida soddalashtirilgan tartib asosida Oʻzbekistondan Rossiyaga ishga jalb qilish boʻyicha kelishiluvga erishilgan edi.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini Rossiya Federatsiyasiga yuborish boʻyicha pilot loyihasi boshlandi.
Ushbu loyiha doirasida nomzodlarni ishga jalb qilish bilan bogʻliq, jumladan, tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, emlash, rus tili, Rossiya qonunchiligi boʻyicha imtihon topshirish, patent rasmiylashtirish va transport xarajatlari ish beruvchilar tomonidan qoplanadi.
Shu munosabat bilan oʻn ming nafar fuqaroni Rossiya Federatsiyasiga tashkiliy tarzda ishga joʻnatish tadbirlarini amalga oshirish maqsadida tibbiy asbob-uskunalar bilan Rossiyaning 40 nafar tibbiyot xodimi Oʻzbekistonga yetib keldi.
Endilikda Rossiya hududida ishlash huquqini beruvchi patent olishda talab etiladigan tibbiy koʻrik Rossiya sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Toshkentda oʻrnatilgan tibbiy asbob-uskunalar yordamida yurtimizda amalga oshiriladi.
Taʼkidlash joizki, ushbu tadbirlar Rossiyada ishlash istagida boʻlgan koʻplab yurtdoshlarimiz uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratib, fuqarolarning vaqti va xarajatlari qisqarishiga xizmat qiladi.
Maʼlumot oʻrnida:
Rossiya Federatsiyasi hududida mehnat faoliyatini olib borish istagida boʻlgan fuqarolarni emlash va koronavirusga qarshi test topshirish jarayonlarini ikki davlat mutaxassislari tomonidan Rossiya tomoni tibbiy uskunalari yordamida birgalikda Oʻzbekistonda amalga oshirish hamda ularning natijasi boʻyicha tibbiy maʼlumotlarni “COVID-19siz sayohat” ilovasi tizimiga integratsiya qilinadi.