Homiladorlik davrida ko’plab ayollarda qo’l uvishishi kuzatiladi, ammo bu holat turlicha namoyon bo’lishi mumkin. Ba’zilarda faqat o’ng qo’l uvishsa, boshqalarda har ikkalasi ham. Ba’zilarda bu holat tunda kuzatilsa, boshqalarda kunning istalgan vaqtida. Quyida buning sabablari va bartaraf etish uchun nima qilish kerakligi haqida.
Homilador bo’lish nafaqat baxt, balki katta mas’uliyat ham sanaladi. Organizm homilaning muvaffaqiyatli rivojlanishi uchun sharoit yaratish maqsadida barcha tizim va a’zolarning ishlashiga ta’sir qiluvchi gormonal o’zgarishlar hisobiga stressni boshdan kechiradi. Ushbu davr ko’plab noxush holatlar, shu jumladan qo’l yoki oyoqlarning uvishishi bilan birga kechadi.
SABABLARI
Homiladorlik paytida qo’llarning uvishishi ko’p sabablarga ko’ra yuzaga kelishi mumkin. Bu davrda barcha a’zo va tizimlar ortiqcha yuk bilan ishlaydi. Shu sababli mavjud bo’lgan surunkali, shu jumladan nevrologik kasalliklar xuruj olishi mumkin.
Nima uchun homiladorlik paytida qo’llar uvishib qoladi? Bu qorinda rivojlanayotgan homila uchun xavflimi? Uni yengillashtirish uchun nima qilish kerak? Ushbu va boshqa savollar bunday yoqimsiz alomatga duch kelgan har qanday homilador ayolda paydo bo’lishi tabiiy.
✅Ko’pgina hollarda oyoq-qo’llarning uvishishi onaning sog’lig’i va rivojlanayotgan homila uchun xavf tug’dirmaydi, ammo bundan mustasno holatlar ham mavjud.
Shuning uchun uni keltirib chiqargan sababni aniqlash va kerak bo’lganda uni bartaraf etish o’z vaqtida choralar ko’rish zarur.
❗️Buning uchun homilador ayol avval ginekologiga murojaat qilishi lozim. Agar muayyan kasallikka shubha qilinadigan bo’lsa, shifokor aniq tashxis qo’yish va davolanishni tayinlash uchun tor soxa mutaxassisiga yo’llanma beradi. Agar vaziyat tashqi aralashuvni talab qilmasa, shifokor noqulaylik takrorlanishi ehtimolini kamaytirish uchun o’zini qanday tutish bo’yicha tavsiyalar beradi.
Oyoq-qo’llar uvishishining asosiy sababi asablarning qisilishi yoki ezilishidir. Ammo asab tolalari bo’ylab impulslarning o’tishi buzilishiga olib keladigan omillar ham kam emas.
Homiladorlikda qo’l uvishishining umumiy sabablari:
⏩Shishlar. Bo’lajak ona va homila uchun xavf tug’dirmaydigan eng ehtimolli sabab. Homiladorlik davrida buyraklarga tushadigan yuk ortadi. Suyuqlik to’qimalarda ushlanib, asab tugunlari va qon tomirlariga bosim o’tkaza boshlaydi. Natijada oyoq-qo’llarda qon aylanishining buzilishi va ularning uvishishi kuzatiladi. Bundan tashqari, shish rivojlanishiga progesteron ishlab chiqarilishining ko’payishi ham sabab bo’lishi mumkin.
Tanadagi mineral va vitaminlar balansi buzilishi. Homiladorlik paytida qo’l va oyoqlarda ko’pincha A va B guruhlari vitaminlari yetishmovchiligi tufayli bezovtalik kuzatiladi, magniy, kaliy, temir, kaltsiy yetishmovchiligi oyoq-qo’llar sezgirligi buzilishi, tortishishlar va og’riqlarga olib keladi. Muammoni taomnomaga mikroelement va vitaminlarga boy oziq-ovqat mahsulotlarini kiritish orqali hal qilish mumkin.
⏩Tunnel sindromi — bilak paylari va suyaklari orasidagi o’rta asabning qisilishi fonida yuzaga keladigan klinik ko’rinishlar majmui. Ushbu neyropatiya kompyuterda ishlaydiganlar, skripkachilar, pianist va qo’llari doimiy zo’riqish bilan bog’liq bo’lganlarning kasbiy kasalligi hisoblanadi.
⏩Bo’yin yoki bo’yin-ko’krak umurtqalari osteoxondrozi. Umurtqa va umurtqalararo disklardagi patologik o’zgarishlar tufayli qo’llar uvishishi ehtimoli juda katta. Bugungi kunda sayyoramizning har ikkinchi aholisi osteoxondrozga chalingan. Homiladorlik, qoida tariqasida, vaziyatni yanada og’irlashtiradi va kasallik xuruj olishini keltirib chiqaradi. Osteoxondroz uchun asab qisilgan tomondagi jimjimaloq va nomsiz barmoq uvishishi xarakterlidir.
⏩Umurtqalararo churra. Bunda patologiya mexanizmi asab qisilishidagi kabi.
⏩Umurtqa pog’onasining bo’yin qismi artrozi. Umurtqa tuzilmalarning yallig’lanish-degenerativ jarayonlari ko’pincha asab o’tkazuvchanligi buzilishiga olib keladi, buning natijasida har ikkala qo’l va oyoqlarda uvishish kuzatilishi mumkin.
⏩Endokrin kasalliklar. Qandli diabetda bu holat shikastlangan tomirlar bo’ylab qon oqishi qiyinlashishi oqibatida yuzaga keladi.
⏩Reyno sindromi — bu tizimli kasallik, masalan, vaskulit yoki skleroderma fonida rivojlanadigan ikkinchi darajali holat. Sindrom homiladorlik bilan bog’liq emas, shunchaki agar ayolda bunday sindrom oldin mavjud bo’lgan bo’lsa, homiladorlikda u faollashishi mumkin. Sindrom tomirlar spazmi tufayli qo’l-oyoqlarda arterial qon aylanishining buzilishi bilan tavsiflanadi. Qo’l va oyoq barmoqlarining uchlari to’satdan uvishadi, soviy boshlaydi, terisi oqarib ketadi. Keyin og’riq, achishish, kengayish hissi seziladi. Xuruj qon aylanishining tiklanishi bilan yakunlanadi, bu vaqt terining qizarishi, qizishi seziladi.
⏩Tor kiyimlar kiyish. Tor manjet yoki yeng mushak va asablarning qisilishiga olib keladi, qolaversa qo’llar shishganligi tufayli ilgari o’lchami mos bo’lgan kiyimlar ham torlik qilib qolishi mumkin.