CHEGARA BILMAS DARDLAR: Noqonuniy migratsiyaning tibbiy va ruhiy bahosi

Biz migratsiya haqida gapirganda ko‘pincha iqtisodiy omillarni tilga olamiz. Ammo tibbiy jurnalist sifatida men bu jarayonning boshqa — ko‘rinmas va og‘riqli tomonini ko‘raman. Noqonuniy migratsiya — bu shunchaki chegara buzish emas, bu inson organizmi va ruhiyatining eng yuqori nuqtada zo‘riqishidir. bu avvalo inson salomatligi, uning ruhiyati va genofondimiz taqdiridir. Bugun men ushbu «ijtimoiy xastalik»ning tibbiy asoratlari haqida yozmoqchiman.

 Statistika: “Uliss sindromi”: Sarsonlikning ruhiy bahosi yoki muhojirning yashirin azobi

Dunyo miqyosida har yili millionlab migrantlar tibbiy sug‘urtasiz va xavfli sharoitlarda mehnat qiladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, noqonuniy mehnat migrantlari o‘rtasida ishlab chiqarishdagi jarohatlar qonuniy ishlayotganlarga nisbatan 3 barobar ko‘p.

O‘zbekistonda ham vaziyat tahlillari shuni ko‘rsatadiki, xorijdan qaytayotgan yurtdoshlarimiz orasida surunkali charchoq, umurtqa pog‘onasi kasalliklari va nafas yo‘llari xastaliklari birinchi o‘rinda turadi. Noqonuniy ketish — bu nafaqat chegarani buzish, balki o‘z organizmingga nisbatan «jinoyat» qilish demakdir.

Psixologiyada Uliss sindromi degan tushuncha bor. Bu vatanidan uzoqda, noqonuniy maqomda, doimiy deportatsiya qo‘rquvida yashayotgan insonlarda kuzatiladigan surunkali stress holatidir.Muhojir eng birinchi ruhiy bosim ostida ishlaydi va kun kechiradi: Noqonuniy migrant har bir politsiya xodimidan, har bir begona nigohdan qo‘rqib yashaydi. Ikkinchidan “tibbiy izolyatsiya”: «Tishim og‘risa yoki jarohat olsam, qo‘lga tushaman» degan vahima tibbiy yordamga murojaat qilishga yo‘l qo‘ymaydi. Natijada, oddiy davolasa bo‘ladigan xastaliklar og‘ir, surunkali bosqichga o‘tib ketadi.

Faktlarga qaraydigan bo‘lsak, 2025 yilda viloyatdan chetga noqonuniy (Rossiya, Qog‘og‘iston) ishlash uchun ketgan migrantlardan 0.6% jinsiy yo‘l bilan yuqtirilgan OITS, OIV infeksiyasiga chalingani qayd etilgan bo‘lsa, shundan 0,2% foizi vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tmaganligi bois turmush o‘rtog‘iga ham tuzalmas dardni yuqtirishga ulgurgani achinarli holat. Shuningdek, 10%migrantlarda sil kasalligini yuqtirgan xolda qaytib oila a’zolarini dispanser nazoratida olinishiga sabab bo‘lgan.

Bundan tashqari vohalik  30 yoshli hamyurtimiz xorijda qurilishda oyog‘idan jarohat oladi. Qo‘lga tushishdan qo‘rqib, shifoxonaga bormaydi va o‘z bilganicha davolanadi. Oqibatda — gangrena va oyoq amputatsiyasi darajasiga kelib qoladi. Va u endi  bir umr nogiron. Bu — noqonuniy migratsiyaning achchiq tibbiy haqiqati.

Shavkat Mamadiyev-Respublika ixtisoslashtirilgan asab-ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qashqdaryo filiali direktori, oliy toifali shifokor, psixoterapevt

“Ma’lum sabablarga ko‘ra qonuniy migratsiyani chetlab o‘tgan xamyurtlarimiz keyinchalik aynan salomatlik borasida muammolarga duch kelishi tabiiy. Xalqaro meyor talablarining muhim jihatlaridan biri migrantning salomatligi bilan bog‘liq masalalar hisoblanadi. Tibbiy ko‘riklar natijasida aniqlangan kasalliklarga ega bo‘lgan, doimiy tibbiy nazorat ostida turishi lozim bo‘lgan fuqarolarningham bir joydan boshqa joyga vaqtincha ko‘chib borib ishlashi ularda mavjud muammolarning ham birga ko‘chishiga sabab bo‘ladi.

Noqonuniy muhojir eng birinchi ruhiy bosim ostida ishlaydi va kun kechiradi. Bu organizmda kortizol (stress gormoni) miqdorini keskin oshiradi, natijada yurak-qon tomir kasalliklari va bevaqt insult xavfi yuzaga keladi.

Ushbu fuqarolarning salomatligi kafolatlanmagani esa ularga o‘z vaqtida va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatini cheklaydi. Natijada kasalliklar asoratlanib, og‘ir holatlarga olib keladi va fuqaro o‘z yurtiga nogiron sifatida qaytishi mumkin. Bu esa davlatni ushbu shaxsni ijtimoiy himoyaga olish majburiyatini yuklaydi va keyingi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga zamin yaratadi.

Bundan tashqari, inson omili orqali tarqalishi mumkin bo‘lgan xavfli kasalliklarning davlatlar o‘rtasida yoyilishida ham migrantlarning o‘rni katta. Jumladan, OITS, sil va boshqa o‘ta xavfli yuqumli infeksion kasalliklar shular jumlasidandir. Daromad orttirish maqsadida xorijiy davlatlarga chiqib, salomatligiga putur yetkazib qaytgan fuqarolar o‘z navbatida iqtisodiy jihatdan davlatga yuk bo‘lib, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini to‘ldirib boradi. Chunki ular doimiy tibbiy dispanser nazoratida turib, qimmat va bepul bo‘lgan dori-darmon va tibbiy muolajalar olishga majbur bo‘ladi” -deydi shifokor

Genetik meros va oila salomatligi

Tibbiy jurnalist sifatida bizni yana bir jihat xavotirga soladi: migratsiyaning oila a’zolari salomatligiga ta’siri. Ota yoki onasi uzoqda bo‘lgan bolalarda psixosomatik kasalliklar (asabiylik, uyqusizlik, immunitet pasayishi) ko‘proq uchraydi. Bu esa keyingi ijtimoiy muamolarni keltirib chiqara boshlaydi.

Davo chorasi nimada?

Kasallikni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan afzal. Qonuniy migratsiya — bu inson salomatligi uchun eng yaxshi «vaksina»dir.

Tibbiy sug‘urta: Qonuniy yo‘l bilan ketgan migrant tibbiy sug‘urtaga ega bo‘ladi. Bu har qanday vaziyatda yuqori malakali shifokor yordamini kafolatlaydi.

Mehnat gigiyenasi: Rasmiy shartnomada ish vaqti, dam olish kunlari va xavfsizlik texnikasi aniq ko‘rsatiladi. Bu organizmning erta yeyilishini oldini oladi.

Ruhiy xotirjamlik: Qonuniy maqom — bu tinch uyqu, sog‘lom asab tizimi va oila bilan doimiy xotirjam aloqa demakdir.

Xulosa qilib aytganda,  salomatlik — qaytarib bo‘lmas kapital

Aziz zamondosh! Pulni qayta ishlab topish mumkin, lekin boy berilgan sog‘liqni qaytarib bo‘lmaydi. Noqonuniy migratsiyaning «qora bozori» Sizga katta daromad va’da qilishi mumkin, lekin evaziga hayotingizni garovga oladi.

O‘zingizni va yaqinlaringizni asrang. Xavfsiz, qonuniy va tibbiy jihatdan himoyalangan yo‘lni tanlang. Zero, Sizning sog‘lom holda Vataningizga, oilangiz bag‘riga qaytishingiz — eng katta boyligimizdir!

 Laziza Allayorova

Qashqadaryo viloyati sog‘liqni  saqlash boshqarmasi matbuot xizmati rahbari, jurnalist