XXI asrda inson uchun vaqt eng qimmatli resursga aylandi. Shu bois bugun koʻpchilikning kutishga, navbatda turishga sira toqati yoʻq. Aksariyat odamlar har bir ishi tez va oson bitishini xohlaydi. Ayniqsa, u bemor boʻlsa.
Biroq shifokor qabuliga kirish uchun turnaqator navbatlar, buning oqibatida kelib chiqadigan asabbuzarliklar har qanday insonning dilini xufton qilishi aniq.
Shu sababli bugun yurtimizda tibbiyot tizimini raqamlashtirish, xususan, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida avtomatlashtirilgan axborot tizimini joriy etish masalasiga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Prezidentimizning tegishli qarorlariga asosan birlamchi tizimda “Elektron poliklinika” axborot tizimi yoʻlga qoʻyilayotgani bu borada ayni muddao boʻlmoqda.
Biroq ushbu tizim sogʻliqni saqlash sohasiga qanchalik samarali tatbiq etilmoqda? Uning bemorlar va shifokorlar uchun afzalliklari nimalardan iborat?
Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati poytaxtimizning Chilonzor tuman tibbiyot birlashmasi boshligʻi Raʼno NOSIROVA bilan ayni shu mavzuda suhbatlashdi.
— Aksariyat kasalliklarning ildizi asab buzilishlariga borib taqalishini koʻpchiligimiz yaxshi bilamiz, — deydi R. NOSIROVA. — Biroq bu noxush holat aynan tibbiyot muassasalarining oʻzida yuzaga kelsa, har qanday insonning koʻnglini xira qilishi, aniq. Toʻgʻri-da, joni azobda ogʻriyotgan qaysi bemorga uzundan-uzoq navbat kutishlaru ortiqcha ovoragarchiliklar yoqadi. Albatta hech kimga.
Eʼtiborlisi, bugungi kunda tumanimizdagi 7 ta oilaviy va 1 ta koʻp tarmoqli markaziy poliklinikada fuqarolarning elektron roʻyxatini bosqichma-bosqich shakllantirish orqali bunday noqulayliklarga barham berilmoqda. Jumladan, belgilangan tibbiy xaritaga muvofiq, oilaviy poliklinikalarni raqamlashtirish maqsadida tumanmizdagi markaziy koʻp tarmoqli poliklinikada birinchi boʻlib, “Elektron poliklinika” dasturi yaratildi va barcha shifokorlarni ushbu dastur yordamida faoliyat olib borishi yoʻlga qoʻyildi.
Bundan tashqari, oilaviy poliklinikalar va koʻp tarmoqli markaziy poliklinika yuqori tezlikdagi optik tolali internet tarmogʻiga ulandi. Natijada “Elektron poliklinika” dasturi ortiqcha qogʻozbozliklarga chek qoʻyib, barcha ishlarni tizimli ravishda olib borishga, tezkor va aniqlikda ishlashga, eng asosiysi, shifokorlarni bemorlar uchun koʻproq vaqt ajratishiga sharoit yaratmoqda.
Birgina misol. Odatda oilaviy poliklinika shifokori laborator tekshiruviga yuborish uchun bemorga bir dunyo tibbiy analizlar roʻyxati yozilgan qogʻoz tutqazadi. Ahamiyatlisi, “Elektron poliklinika” dasturi orqali bu ishlarning barchasi juda tez va oson bitadi. Yaʼni ushbu dastur orqali shifokor tomonidan kerakli tibbiy tahlillar belgilanib, laboratoriyaga yuboriladi. Laboratoriya xodimi esa ushbu maʼlumotlarga asoslanib, bemordan kerakli tahllilarni oladi va qayta shifokorga yuboradi. Bu esa bemor va shifokor vaqtini tejab, tibbiy maʼlumotlarni xavfsiz saqlashga yordam beradi.
Yaʼni mazkur tizimning afzalligi, barcha tibbiy xujjatlar elektron shaklda boʻladi, aholiga yuqori sifatli tibbiy xizmat koʻrsatiladi. Qolaversa, “Elektron” poliklinika” onlayn roʻyxat asosida fuqarolarni qabul qilish, masofaviy diagnostika, bemor salomatligini masofadan monitoring qilish, tibbiy kartalarning tarmoqli tizimi, virtual tibbiy koʻrikdan oʻtish, virtual shifoxona xizmati, elektron retseptlar, telemetriya va zarur tibbiy yordamni uyda olishga imkon yaratadi.
Bir soʻz bilan aytganda, ushbu loyiha sogʻliqni saqlash muassasalari oʻrtasida tibbiy maʼlumotlar almashinuvi uchun dasturiy muhit yaratish, tibbiyot tizimini zamonaviy, davr talablariga moslashtirish orqali uni modernizatsiya qilishga katta yordam bermoqda.